Mavsum boshlandi.
“MUQBIL VA MUDBIR” – EZGULIK VA YOVUZLIK O‘RTASIDAGI KURASH
Unga madaniyat va san’at ixlosmandlari, jamoat tashkilotlari vakillari, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktabi o‘quvchilari, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, keng jamoatchilik taklif etildi.
Namoyish avvalida yig‘ilganlar bilan viloyat qo‘g‘irchoq teatrining tarixi, o‘tgan yillar davomida shakllangan jamoa, bugungi kungacha bosib o‘tilgan ijodiy yo‘li borasida suhbatlashildi. So‘ng sahnada 2007 yilda “Chodir xayol” umumjahon qo‘g‘irchoq teatrlari festivalida namoyish etilgan “Meshpolvon” spektakli, 2013 yilda Samarqand shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston qo‘g‘irchoq teatrlarining IX an’anaviy ko‘rik-festivalida ikkinchi o‘ringa loyiq topilgan “Tandir ona saxovati”, 2016 yilda Andijon viloyatida bo‘lib o‘tgan ushbu festivalning navbatdagi bosqichida qo‘yilgan “Muqbil va Mudbir afsonasi”dan parchalar namoyish etildi.G‘ayrat Hamrayev rejissorligida sahnalashtirilgan ushbu spektakl tarbiyaviy ahamiyati yuqori bo‘lib, namoyish davomida jajji tomoshabinlar Muqbil obrazi orqali qalloblik, yolg‘onchilik, hayotdan nolib yashash, ikkiyuzlamachilikning salbiy oqibatlarini ko‘rishgan bo‘lsa, Mudbirning yaxshilik, rostgo‘ylik, atrofdagilarni qo‘llab-quvvatlashi, mehribonligi bilan muammolardan qutulish, o‘z niyatiga yetish mumkinligini anglashdi.
- Bolajonlar uchun asar yaratishga kirishar ekanmiz, uning avvalo qiziqarli, sodda va tushunarli bo‘lishiga e’tibor qaratamiz, - deydi viloyat qo‘g‘irchoq teatri direktori Begimqul Piratov. –Bir qarashda osondek tuyulsa-da, aslida juda qiyin va mas’uliyatli vazifa.Namoyish etilayotgan sahna asari bolajonlarni ona Vatan va el manfaatiga xizmat qiluvchifidoyi bo‘lishi va insoniylik fazilatlari ruhida kamol toptirishga xizmat qilmog‘i kerak. Teatrimiz jamoasi ana shunday asarlarni sahnalashtirishga e’tibor qaratmoqda.
Jamoaning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari ko‘p. “Mittivoyning sarguzashtlari”, “Maqtonchoqlik quyon” spektakllari premyerasi, “G‘aroyib yertutlar”, “Miu nomli mushukcha”, “Do‘stlik uyi” kabi namoyishlari tarbiyaviy ahamiyatga ega, ezgu g‘oyalarni aks ettirishi shubhasiz. Ayni damda oldinda rejalashtirilgan spektakllarning tayyorgarlik ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.