G'AROYIB ER TUTLARI ERTAK-SPEKTAKLI
Ertak-spektakl mashhur rus dramaturgi N.Shuvalov asari asosida rejissor G‘ayrat Hamroyev tomonidan sahnalashtirilgan. Unda asosiy voqealar Bahaybat, Mittivoy, Sichqon, Qarg‘a va Qarg‘acha ishtirokida kechadi.
- Asosiy qahramon obrazini jonlantirdim, - deydi aktyor Xusniddin Lutfiyev. - Bu beg‘ubor qalbli Bahaybat. U hech qachon birovning narsasiga teginmaydi, bergan so‘zining ustidan chiqadi. Ertak-tomoshadagi salbiy obraz – Mittivoy esa uning aksi. U o‘ta mug‘ombir, xasis va ezma. Shu bois, boshqa qahramonlar beg‘ubor qalbli Bahaybatning atrofida birlashadi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu ertak-spektaklda rostgo‘y, bergan va’dasining ustidan chiqadigan, o‘zgalarga mehribon kishining doimo ulug‘lanishi, boshqalar muhabbatiga sazovor bo‘lishi, aksincha, mug‘ombir va xasis kishining nafratga giriftorligi bosh mavzu sifatida ko‘tarilgan. Xullas, ertak bolajonlarni ezgulikka yetaklashi va yaxshilikka xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.