NAVOIY IJODIGA EHTIROM
Qarshi shahrida ulug‘ alloma va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 578 yilligi munosabati bilan “G‘azal mulkining sultoni – ulug‘ allomaga ehtirom!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qashqadaryo viloyat kengashi, Qashqadaryo viloya qo‘g‘irchoq teatri, viloyat axborot-kutubxona markazi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamda Qarshi harbiy gornizoni ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda harbiy xizmatchilar bilan bir qatorda, ijodkorlar, san’atkorlar ishtirok etdi.
Tadbirda Alisher Navoiy va uning madaniy merosi asarlarida ulug‘langan insoniy fazilatlar, ulug‘ alloma qoldirgan merosning bugungi avlod tarbiyasidagi o‘rni beqiyosligi borasida so‘z yuritildi.
Shuningdek Qashqadaryo viloyat qo‘g‘irchoq teatri ijodkorlari tomonidan Alisher Navoiy g‘azallari bilan aytiluvchi qo‘shiqlar jarang sochdi.
– Navoiy ijodi va amaliy faoliyatining markazida, avvalo, inson turadi, – deydi tadbirda so‘zga chiqqan Qashqadaryo viloyat qo‘g‘irchoq teatri direktori Begimqul Piratov
– Uning talqinida haqiqiy inson, ijodkor, qobiliyatli, dono, bilimli, sabr-qanoatli, saxiy, himmatli, rostgo‘y, adolatli, insonparvar, mehnatsevar, kamtar shaxs bo‘lishi kerak. Navoiy insonga uning hayotdagi faoliyatiga, kasb-hunariga va jamiyatdagi foydali ishlariga qarab baho bergan.


Darhaqiqat, mutafakkirning barcha asarlarida insonning salbiy va ijobiy tomonlari, yaxshilik va yomonlik, saxiylik va xasislik, ma’rifat va jaholat, shafqat va razillik, donishmandlik va nodonlik, to‘g‘riso‘zlik va riyokorlik, rostgo‘ylik va yolg‘onchilik, insof va insofsizlik, odoblilik va odobsizlik kabilar qiyosiy o‘rganilgan, ijobiy fazilatlar targ‘ib etilgan, salbiy illatlar esa qoralangan.
Bu avvalo, ularning tariximiz, milliy adabiyotimiz bilan yaqindan tanishib, yuksak ma’naviyatli insonlar bo‘lib kamol topishlariga xizmat qiladi. Qolaversa, alloma asarlari bugun yoshlar tarbiyasi, kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan “ommaviy madaniyat” singari illatlardan farzandlarimizni asrashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirda tuman madaniyat va sport ishlari bo‘limi tomonidan tashkillashtirilgan badiiy sahna ko‘rinishlari ham namoyish etildi. Unda buyuk shiorning g‘azal va ruboyilari kuy-qo‘shiqlar ohangida yangradi.