PARVOZNI HAVAS QILGAN QUYONCHA

Viloyat qo‘g‘irchoq teatrida Karomat Dilmonov asari asosida sahnalashtirilgan “Noshukur Quyon” spektakli tomoshasi bo‘lib o‘tdi.
Asarning asosiy mavzusi boriga qanoat qilmagan Quyonchaning noshukurliklari va uning yomon oqibatlari haqidadir. U hammadan tez yugurishiga qanoat qilmasdan quyonlar uchun ilojsiz orzu – osmonda parvoz qilish haqida o‘ylab qoladi. Bu orzusini amalga oshirish uchun yolg‘onchi Qarg‘aning puch va’dalariga uchadi. Oqibatda esa orzusi sarob ekanligini anglab, o‘tkinchi hoyu-havaslarga qo‘l siltab, beboshligidan afsus chekib, ota-onasi bag‘riga qaytadi. Spektakl orqali yosh tomoshabinlarga qanoat va shukrona singari ezgu qadriyatlarning ahamiyati uqtiriladi.
– Tomoshamiz ayni kuzgi ta’til kunlarida hordiq chiqarayotgan bolajonlarga katta tuhfa bo‘ladi, deb ishonamiz, – deydi viloyat qo‘g‘irchoq teatri aktyori Turdimurod Xudoyberdiyev. – Muhimi, nihoyada Quyoncha o‘z xatosini tushunib yetadi va uni tuzatishga shoshiladi. Bu orqali manmanlik, yolg‘onchilik, qanoatsizlikning oqibati yomon bo‘lishini ochib berishga harakat qildik.
Ta’kidlash joizki, “Noshukur Quyon” joriy yilda teatr jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan uchinchi spektakl hisoblanadi. Bundan avval ijodiy jamoa “Mushukcha Miyov” (yangilangan variant) hamda “Muqbil va Mudbir” spektakllari bilan bolajonlarimizni mamnun etgan edi.